News
calendar 19.09.2024 | 11:29
view 388
Bolalar ortopediya markazida qanday murakkab operatsiyalar o‘tkazilmoqda?

Akbar Tilyakov,
Respublika bolalar ortopediya markazi direktori:

— Muassasamizda kichik yoshli bemorlarning tayanch-harakat tizimidagi tug‘ma va orttirilgan deformasiya hamda nuqsonlar erta bosqichda aniqlanib, innovasion usullarda davolanmoqda.

 Xususan, bunday ixtisoslashgan tibbiy xizmat tufayli yiliga minglab bemor o‘g‘il-qizlar sog‘lom hayotga qaytyapti. Ularda shifokorlarimiz tomonidan 70 turdagi operatsiyalar o‘tkazilmoqda. Shundan 50 turdagisi murakkab va noyob jarrohlik amaliyotlaridir. 

Markaz diagnostik poliklinika, radiologiya, klinik laboratoriya, anesteziologiya-reanimasiya, operasion blok va 5 ta klinik bo‘limdan iborat. 

 Bu yerda o‘zlashtirilayotgan ilg‘or davolash usullari yildan-yilga ko‘paymoqda. Jumladan, joriy yil ilk bor nomukammal osteogenez va boshqa tizimli kasalliklarda "Sofield" operatsiyasi, tovon suyagini medializasiyalovchi-korreksiyalovchi osteotomiya, bosh miya falaji oqibatida son suyagining spastik og‘ir chiqishida ushbu tayanch-harakat nuqtasini proksimal val'guslovchi osteotomiya kabi murakkab amaliyotlar yo‘lga qo‘yildi. 

 Shuningdek, Bolalarni qo‘llab-quvvatlash Jamoat fondi bilan hamkorlikda rossiyalik shifokorlar ishtirokida umurtqa pog‘onasining tug‘ma va displastik skolioz kasalligi og‘ir darajalarini zamonaviy taroskopik korreksiyalash hamda stabilizasiyalash operatsiyalari o‘tkazildi, orfan kasalliklariga to‘g‘ri tashhis qo‘yish bo‘yicha mahorat darslari bo‘lib o‘tmoqda. 

Natijada chanoq-son bo‘g‘imlari displaziyasi, son suyaklarining tug‘ma chiqishi, tug‘ma maymoqlik va bo‘yin qiyshiqligi, umurtqa pog‘onasi hamda ko‘krak qafasi deformasiyalari, oyoq-qo‘llarning tug‘ma rivojlanish anomaliyalari singari ortopedik kasalliklarga chalingan o‘g‘il-qizlarning salomatligi tiklandi.