News
calendar 20.09.2024 | 15:44
view 596
JIGAR KO‘CHIRISH OPERATSIYASI MUVAFFAQIYATLI O‘TDI

Asmira hali 2 yoshda. Ammo bolaning salomatligida jiddiy o‘zgarish bo‘lib, unga “O‘t  yo‘llari atreziyasi. Homila ichi gepatiti. Xolestatik sindrom. Jigar  sirrozi” tashhisi qo‘yildi. Asmiraning ota-onasi bu vaqt oralig‘ida murojaat qilmagan vrachi, bormagan shifoxonasi qolmadi.

Kasallikning yagona davosi – xorij klinikalarida jigar transplantasiyasini o‘tkazish edi. Buning ham chorasi topildi. 

Bolaning otasi Usmon Abdusamatov vaqtni boy bermay, Bolalarni qo‘llab-quvvatlash Jamoat fondiga murojaaat qildi. Shu kunning o‘zidayoq Fond tomonidan xorijdagi klinikalarda davolanish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi. Malakali mutaxassislar bilan maslahatlashildi. 

Qisqa vaqt ichida Asmira Turkiyaning “Adjibadem” klinikasiga operatsiya amaliyotini o‘tkazish uchun shoshilinch yuborildi. 

Bugun uning otasi Usmon aka Fondga qo‘ng‘iroq qilib, farzandining ahvoli yaxshi ekanligini, jigar ko‘chirish amaliyoti muvaffaqiyatli amalga oshirilganligini aytib, Prezidentimizga va Jamoat fondiga alohida minnatdorchilik bildirdi.

Asmiraning operatsiyadan keyingi ahvoli ancha yaxshi. Shifokorlarning doimiy nazoratida bo‘lib turibdi. Biz uni tezda sog‘ayib, yurtimizga qaytishini kutib qolamiz.