News
calendar 23.12.2024 | 22:34
view 570
MADINABONUNING ORZUSINI “MOHIR QO‘LLAR” LOYIHASI RO‘YOBGA CHIQARDI

Toshkent viloyati Chirchiq shahrida yashovchi 17 yoshli II guruh nogironi Madinabonu Ahmedovaning bolalikdagi orzusi ushaldi. U endi mohir tikuvchilardan biri.

Bolalarni qo‘llab-quvvatlash Jamoat fondi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan hamkorlikda amalga oshirayotgan “Mohir qo‘llar” loyihasi doirasida Madinabonu ham "Monomarkaz"da tahsil olib, qo‘li gul tikuvchilardan biriga aylandi. Yana bir quvonchli tomoni, bu yosh qizimizga Davlat tomonidan ham imtiyozli asosda turar joy binosi berilibdi.

–  Bugun quvonchim juda cheksiz. O‘zimni eng baxtli qizlardan biri sifatida his qilyapman, – deydi u quvonch ko‘z yoshlari bilan. – Davlatimiz bizni o‘z holimizga tashlab qo‘ymadi. Kasb-hunarga o‘rgatdi. Bolalikdagi orzuim ushaldi. Fondga ham rahmat. Menga bugun yangi tikuv mashinasini sovg‘a qilishdi. Endi uyimiz yonidagi “Tikuvxona”dan buyurtmalarni olib, uy sharoitida tikish imkoniga ega bo‘ldim. Buning uchun Prezidentimizga rahmatlar aytaman.

Madinabonuning nutq sohasida muammo bo‘lishiga qaramay, u o‘z fikrini sizga tushuntira oladi. Eng muhimi, unda shijoat, sabr va harakatchanlikni ko‘rasiz. Bundan tashqari, endi uning ovunib, sevib ishlaydigan kasbi ham bor. Biz uning ishlariga omad tilab qoldik.

Aksiya davom etmoqda. Batafsil yana to‘xtalamiz.