News
calendar 23.12.2024 | 18:22
view 524
“MOHIR QO‘LLAR” LOYIHASI TOSHKENT VILOYATIDA DAVOM ETMOQDA

II guruh nogironi Roman Shokola endi santexniklik bilan shug‘ullanadi.

Xabaringiz bor, shu kunlarda Bolalarni qo‘llab-quvvatlash Jamoat fondi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan hamkorlikda “Mohir qo‘llar” loyihasini amalga oshirmoqda. Bu loyiha orqali juda ko‘plab nogironligi bor yoshlar doimiy ish bilan ta'minlanib, oilalari daromadiga munosib hissa qo‘shmoqdalar. 

Qibraylik 18 yoshli 2-guruh nogironi Roman Shokola tumandagi “Monomarkaz”da santexnik va chilangar usta kasbini o‘qib, mukammal egalladi. Endilikda u ishlab, oilasiga nafi tegishi uchun Fond tomonidan zarur asbob-uskunalar sotib olinib, xayriya sifatida taqdim qilindi.

Roman yosh bo‘lishiga qaramay, kelajakka bo‘lgan qiziqishlari katta. Afsuski, u hozir na eshitadi, na gapira oladi. Shunday bo‘lsada umidini so‘ndirmay, o‘z ustida tinimsiz ishlaydi, odamlarga foydasi tegishini xohlaydi.

– Bolamning qiziqishlarini e'tiborsiz qoldirmay, uni o‘qitib, yana zarur texnikalar olib berganingiz uchun katta rahmat. Avvalo, Prezidentimizga, qolaversa vazirlikka va Jamoat fondiga ham alohida tashakkur aytaman. Bizning holimizdan xabar olib, o‘g‘limni bir kasb egasi qilishga yordam berganingiz bizni juda minnatdor qildi, – deydi uning onasi quvonchini yashirolmay.

Endilikda Roman uy-joy kommunal boshqarmalarida, servis boshqaruv kompaniyalarida santexnik-chilangar usta sifatida mehnat qilib, qo‘shimcha daromadga ega bo‘ladi. Uning ishlariga omad tilaymiz.

Aksiya Chirchiq shahrida davom etmoqda.