News
calendar 23.12.2024 | 22:49
view 607
SIRDARYOLIK MAFTUNAGA “MOHIR QO‘LLAR” LOYIHASIDAN KUTILMAGAN “SYURPRIZ”

"Mohir qo‘llar" loyihasi doirasida kasb-hunarga o‘qigan, nogironligi bor 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar orasida Sirdaryo viloyati Guliston shahrida yashovchi Maftuna Xudoyqulova ham bor. 

Hozirda u Guliston shahridagi “Monomarkaz”da tikuvchilik kasbi bo‘yicha tahsil olib, kursni tamomladi.

Bolalarni qo‘llab-quvvatlash Jamoat fondi ijrochi direktori o‘rinbosari B.Abdusamatova boshchiligidagi Ishchi guruhi u yashaydigan xonadonga borganda Maftuna o‘qishda ekanligi sababli tikuv mashinalarini uning onasiga topshirishga to‘g‘ri keldi. Eng muhimi, qahramonimiz uyga kelganda haqiqiy “syurpriz”ni ko‘rib, boshi osmonga yetishi aniq.

U endigina 18 yoshga to‘ldi. 2-guruh nogironi bo‘lishiga qaramasdan, hayotga bo‘lgan qarashlari o‘zgacha. Tinimsiz o‘qib, izlanadi. Bolalikdagi orzulari amalga oshib, Jamoat fondining ko‘magi bilan kasb-hunar o‘rgandi, endi ishlab oilasiga foydasi tegishi uchun zamonaviy tikuv mashinasi ham xayriya qilindi.
 
– Hozir qizim qo‘shimcha mashg‘ulotlar uchun o‘qishga ketgan. Lekin bu sovg‘a biz uchun kutilmagan bo‘ldi. Maftuna uyga kelib, albatta, xursand bo‘lishi aniq. Bugundan uning hayotga bo‘lgan qiziqishi yanada ortadi. Shu boisdan, Prezidentimizga, qolaversa Fondga ham alohida rahmat, – deydi uning onasi.

Aksiya davom etmoqda.