News
calendar 23.12.2024 | 02:29
view 632
YANGI LOYIHA: "BOLALIK ZAVQI"

YANGI LOYIHA: "BOLALIK ZAVQI" 
Uning doirasida “Yosh kitobxon” ma'naviyat burchaklari tashkil etilmoqda

Bizning maqsadimiz shifoxonalarda uzoq davolanadigan bolajonlarga imkon qadar qulay bolalik muhitini yaratib berishdir. Buning uchun nimalar qilinadi?

– Avvalo, o‘sha klinikada bolalarning maroqli dam olishi uchun o‘yin xonalari jihozlanib, ular bolalarning yoshidan kelib chiqib zarur o‘yinchoqlar majmuasi bilan to‘ldirib boriladi. Yana bir e'tiborli jihati, shifoxona qoshida “Mo‘'jazgina kutubxona” burchagini tashkil etishdir. Kitob jovoni muntazam ravishda qiziqarli adabiyotlar bilan boyitib boriladi. Hattoki, bolalar shifoxonadan chiqqan taqdirda ham, o‘qib tugallanmagan kitoblari bo‘lsa, uni o‘zlari bilan olib ketishlari mumkin, – deydi loyiha tashkilotchisi, Bolalarni qo‘llab-quvvatlash Jamoat fondi ijrochi direktori o‘rinbosari B.Abdusamatova.

“Yosh kitobxon” loyihasining ilk manzili Respublika bolalar suyak sili sanatoriysida tashkil qilindi. Fond tomonidan o‘ziga xos nou-xau usulida yasalgan kitob jovoni sovg‘a qilindi va unga birinchi bo‘lib Bolalarni qo‘llab-quvvatlash Jamoat fondi ijrochi direktori M.Sadikov qiziqarli adabiyotlar to‘plamini ham tuhfa qildi. Bu hali boshlanishi. Bu an'anani har bir tashrif buyuruvchi bolajonlar ma'naviyatini yuksaltirish yo‘lida davom ettirishi mumkin. Chunki, kitob bilan do‘st tutingan yosh avlod qalbida faqat ezgulik urug‘lari unub chiqishi, shubhasizdir.

Aziz yurtdoshlar!!! Agar siz ham ushbu loyiha ishtirokchisi bo‘lishni istasangiz, o‘zingiz sevib mutolaa qilgan va tavsiya etmoqchi bo‘lgan kitoblaringizni "Mo‘'jazgina kutubxona"miz uchun tuhfa qiling!!! Bu kitoblarni Fondga olib kelib bersangiz, biz, albatta, bu adabiyotlarni bolajonlarga sovg‘a qilamiz.

Fond tomonidan boshlangan ana shunday ezgu g‘oya va tashabbus boshqa klinikalarda ham davom etadi.