Barkamol Muhriddinov 2010 yil 18 fevralda Namangan viloyati Norin tumanida tavallud topgan. Kutilmagan dard jajji bolakayni o‘z sinoviga oldi. U chap tomonlama buyrak usti bezi xavfli feoxromasitomasi tashxisi bilan yaqinda murakkab operatsiyani boshidan kechirdi. Hozir uning ahvoli ijobiy tomonga o‘zgarmoqda.
– O‘g‘limning tug‘ilgan kuni munosabati bilan Jamoat fondi tomonidan tabriknoma keldi. Turli shirinliklar, bayram torti va rasm chizishi uchun bo‘yoqlar to‘plami sovg‘a qilindi. Biz buni kutmagandik. Musofir yurtda boshimizdan ko‘p sinovlarni o‘tkazyapmiz. Ammo davlatimiz, bizni moliyaviy qo‘llab-quvvatlagan Fond rahbariyati unutib qo‘ygani yo‘q. Men ularga alohida minnatdorchilik bildiraman. Operatsiya yaxshi o‘tdi. Juda xursandmiz. Tez kunda O‘zbekistonga qaytamiz, – deydi bemorning onasi Nigora Jo‘raeva.
Barkamoljon ham kutilmagan bayram sovg‘asidan xursand ekanligini bildirdi.