"...Men ijodiy imtihon orqali Glier nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan musiqa maktabiga qabul qilinganman. Chunki, men o‘qishga topshirgan maktabim respublikada taniqli maktablardan biri edi. Imtihondan o‘tgan kunim Dadajonim menga fortopianino sovg‘a qilganlar. Bu menga katta motivasiya bo‘lgan. Maktabda birinchi o‘qituvchim 2 ta bo‘lgan. Yozish, o‘qishni ilk bor ustozim (Olloh rahmatiga olgan bo‘lsin) Matlyuba Mirzaevadan o‘rganganman, pianino chalishni esa birinchi sinfda ustozim Faina Arionovna o‘rgatgan edilar. Men maktabga qadam qo‘yganimda ota-onamga faqat 5 bahoga o‘qishni va'da qilganman va shu bois birinchi sinfni "Maqtov yorlig‘i" bilan tugatganman. Bizga ta'lim bergan ustozlarimiz juda sabrli va bilimli bo‘lganlar. Shu bilan birga, men juda sho‘x, maktabning har bir tadbirida faol qatnashganman. Eng esimda qolgani, o‘q otishdan «metkiy strelok» mukofotini olganman. Yozma ish o‘tkazilsa, butun sinfga ko‘chirishga javoblarini sekin tarqatib o‘tirardim. Shuning uchun sinfda hurmatim baland edi. Eng yoqtirmaydigan darslarimga kelsak, matematika, raqs va jismoniy tarbiya darslari edi. Arqonga chiqa olmasdim va butun sinf o‘qituvchi zalga kirib kelguncha meni amallab chiqarib qo‘yishardi. Sinfda har xil xarakterli o‘kuvchilar edik, lekin ustozlar bizga qanday qilib ahil bo‘lishni o‘rgatgan edilar . Xullas , maktab davri oltin davr ekan. Ustozlarni bizdek o‘quvchilarga sabr qilib, ilm berganlariga tan berish kerak. Maktabni esa o‘qituvchilarimiz bergan bilimlar bilan a'lochilar qatorida medal' bilan bitirganman.
Fursatdan foydalanib, bugungi bayram bilan barcha ustozlarimni tabriklayman. Ularning mashaqqatli va sharafli ishlariga ulkan rivojlar tilayman.
Aziz bolajonlar!!! Siz ham fidoyi va jonkuyar ustozlaringizni hurmat qilib, qadrlang!!! Chunki, ular sizning kelajak poydevorlaringizdir.