Yangiliklar
calendar 23.12.2024 | 14:46
view 720
VASIYLIK KENGASHINING NAVBATDAGI YIG‘ILISHI

O‘zbekiston Respublikasi Bolalarni qo‘llab-quvatlash jamoat fondi Vasiylik kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishni Vasiylik kengashi raisi o‘rinbosari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi qo‘mita raisi M. Xodjaeva olib bordi.

Kun tartibidagi bir qator masalalar yuzasidan kengash a'zolarining fikr-mulohaza va hisobotlari tinglandi.

Xususan, joriy yilning 14-19 noyabr kunlari Xorazm viloyatida “Ezgulik manzili” xayriya aksiyasi o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Aksiya davrida mutaxassislarning xizmat safar xarajatlarini moliyalashtirish Bolalarni qo‘llab-quvatlash Jamoat fondi mablag‘lari hisobidan amalga oshirilishi belgilandi.

Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mexnat munosabatlari vazirligi bilan birgalikda “Mohir qo‘llar” loyihasini amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Bunda Respublika bo‘ylab ehtiyojmand, kam ta'minlangan, og‘ir sharoitga tushgan, olis tumanlarda turadigan va nogironligi bor bo‘lgan 33 nafar 16-18 yoshdagi bolalarni ijtimoiy moslashtirish, ularning qiziqishlaridan kelib chiqib, kasb-hunarga o‘rgatish maqsadida Monomarkaz orqali uy sharoitida o‘zini-o‘zi band qilishi uchun asbob-uskunalar bilan ta'minlash belgilanmoqda. Ushbu loyiha uchun fond tomonidan barcha o‘qitilgan nogironligi bo‘lgan bolalarga Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan ishlab chiqilgan asbob-uskunalarni xarid qilish va ularga topshirish taklifi berildi.

Bundan tashqari, yurak nuqsonli bolalarni jarrohlik amaliyoti yordamida davolash maqsadida 100 dona oksigenatorlarni xarid qilish va uni tegishli tartibda tibbiyot muassasalariga xayriya qilish ko‘zda tutilgan.

Yana bir loyiha. Xalq ta'limi vazirligi bilan hamkorlikda “Birgalikda o‘qiymiz” loyihasini amalga oshirish nazarda tutilgan. 30 nafar jismoniy yoki psixik rivojlanishida nuqsoni bo‘lgan bolalarni komp'yuter, planshet, noutbuk, kerakli o‘quv qurollari bilan ta'minlash orqali ularni uyda ta'lim olishlariga ko‘maklashiladi. Mazkur tadbirlar "Xalqaro nogironlar kuni" munosabati bilan keng miqyosda amalga oshiriladi.

Shuningdek, nogironlikni oldini olish, chala va erta tug‘ilgan bolalar hayotini saqlab qolish maqsadida 20 dona zarur tibbiy jihoz va uskunalarni xarid qilish ko‘zda tutilgan.

Kengash a'zolari har bir taqdim etilgan masala yuzasidan o‘z munosabatini bildirdilar va kechiktirib bo‘lmaydigan moliyaviy yordamlarni o‘z vaqtida amalga oshirish yuzasidan xulosalar berildi hamda qaror bayoni bir ovozdan ma'qullandi.

Shuningdek, yig‘ilishda boshqa masalalar ham ko‘rib chiqildi.