Yangiliklar
calendar 21.12.2024 | 09:52
view 30
OLIY MAJLISDA FOND FAOLIYATI SARHISOB QILINDI

Bugungi kunda mamlakatimizda har bolani davlat tomonidan ijtimoiy-tibbiy, ma'naviy va iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash umummilliy harakatga, davlatning bosh siyosatiga aylanib bormoqda. Zero, xalqimizda yaxshi bir gap bor. “Bolaning begonasi bo‘lmaydi”. Davlatimiz rahbarining har bir bola kelajagiga befarq bo‘lmay, ularning sog‘lom unib o‘sishlari uchun yaratib berayotgan imkoniyatlari tufayli ota-onalarning davlatdan roziligi, shukronaligi ortib bormoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 4 oktyabrdagi “Bolalarni qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–5255-son qaroriga muvofiq tashkil etilgan Bolalarni qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi qisqa vaqt ichida ko‘plab oilalarning quvonchu shodligiga, yordamga muhtoj bolajonlarning tengdoshlariga qatoriga qaytishiga katta sabab bo‘ldi.

  Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Mehnat, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi tomonidan “Bolalarni qo‘llab-quvvatlash Jamoat fondi tomonidan amalga oshirilgan ishlar natijadorligini ko‘rib chiqish va muhokama qilish” masalalariga bag‘ishlangan Qo‘mita eshituvi bo‘lib o‘tdi. 

 Yig‘ilishda ta'kidlandiki, o‘tgan davr mobaynida Fond tomonidan qiyin sharoitga tushgan, moliyaviy yetishmovchiligi bo‘lgan oilalarning bemor, nogironligi bo‘lgan bolalariga tibbiy hamda ijtimoiy yordam ko‘rsatish maqsadida jami 10357 ta murojaat kelib tushgan. Shundan, 7639 nafar bolaga chuqurlashtirilgan tibbiy-diagnostika tekshiruvlari o‘tkazildi. 1070 nafar bolada tibbiy aksiyalar davomida operatsiya amaliyotlari bajarildi. 110 nafar bola esa xorij klinikalarida operatsiya qilinib, sog‘lomlashtirildi. 220 nafar bolaga ijtimoiy holatidan kelib chiqib, turli yordamlar ko‘rsatildi. 1305 nafar bolaning ta'lim olishi uchun zarur adabiyotlar, texnik asbob-uskunalar, o‘quv qurollari xarid qilindi. 33 nafar bola esa kasb-hunarga o‘qitilib, o‘zini-o‘zi band qilishi uchun zarur asbob-uskunalar olib berildi.

 Bolalarni qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi Vasiylik kengashi tomonidan shu kunga qadar 11 ta yig‘ilish o‘tkazilgan bo‘lib, unda 231 ta masala muhokama uchun kiritilgan. Viloyatlarda o‘tkazilgan xayriya aksiyalari doirasida mahalliy mutaxassislar uchun 1000 ga yaqin mahorat darslari o‘tkazildi. Turkiyaning yuqori malakali ortopedlar guruhining tashrifi davomida 470 nafar bemor bolalar tibbiy-ko‘rikdan o‘tkazildi hamda 25 nafariga tug‘ma skalioz tashxisi asosida va 40 nafariga respublika darajasida qilib bo‘lmaydigan murakkab plastik jarrohlik amaliyotlari o‘tkazildi.

 Shuningdek, Bolalar milliy tibbiyot markaziga shoshilinch tarzda 30 nafar bemor bola uchun okllyuder (jarrohlik kesishsiz ochiq arterial kanalni yopish) moslamasi, Samarqand va Farg‘ona viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi hamda Toshkent pediatriya tibbiyot instituti klinikasida 300 nafar og‘ir tug‘ma yurak nuqsoni bo‘lgan bolalarga jarrohlik amaliyotini o‘tkazish maqsadida oksigenatorlar hamda 6 dona kardiomonitor xarid qilindi. Buning natijasida 330 nafar tug‘ma yurak kasalligi bor bemor bolalarga jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi. Chala tug‘ilgan bolalarni parvarishlash, nogironlikni oldini olish maqsadida Respublika perinatal markaziga 20 dona kyuvez apparati xarid qilindi. 

 Hozirda respublikada genetik laboratoriya tekshiruvlari takomillashib, bir qator orfan kasalliklari aniqlanmoqda. Ushbu kasallarga ishlatiladigan dori vositalari hamda tibbiy vositalar kamyob va judayam qimmatdir, jumladan “Nomukammal osteogenez”, “Goshe”, Mukopolisaxaridoz va boshqa bir qator kasalliklarni davolash Davlat dasturida nazarda tutilmaganligini inobatga olib, Bolalar fondi ushbu kasalliklar bo‘yicha bemor bolalarning ijtimoiy himoyasiga, dori-darmonlar bilan ta'minlashga alohida e'tibor qaratmoqda. Jumladan, 50 nafar orfan kasalligi hisoblangan “Nomukammal osteogenez” tashxisi bo‘lgan bolalarning suyaklarini mustahkamlash uchun teleskopik sterjen' hamda maxsus jarrohlik uskunalari xarid qilindi. “Goshe” tashxisli bemor bolalarni davolash maqsadida, respublikaga ilk marotaba “Glurazim” dori vositasi (bir flakoni 1,2 ming AQSh doll.) keltirilib, Rossiyalik hamda Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya tibbiyot markazi mutaxassislari bilan birgalikda 10 nafar bemor bolada davolash amaliyotlari olib borilmoqda.

 Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi bilan birgalikda “Mohir qo‘llar” loyihasi doirasida 33 nafar 

 16-18 yoshli nogironligi bo‘lgan bolalar “Mono-markaz”larda o‘qitilib, kasb-hunarga o‘rgatildi va ularni uy sharoitida o‘zini-o‘zi band qilishi uchun asbob-uskunalar sotib olindi. Shifoxonalarda uzoq davolanayotgan 1500 nafar bemor bolalarga darslarda foydalanish uchun o‘quv qurollari, 12 turdagi adabiyotlar to‘plami hamda bolalar reabilitasiyalari uchun tibbiy texnikalar va 5 nafar bolaga reabilitasiya jarayonida o‘quv dasturidan orqada qolmasligi uchun noutbuk va komp'yuterlar to‘plami topshirildi. 

 Jamoat fondi tomonidan ko‘rsatiladigan ijtimoiy, o‘quv hamda tibbiy dasturlar ishlab chiqildi hamda fondning rasmiy sayti va elektron platformasiga joylashtirib borilmoqda.

 Yig‘ilish yakunida qo‘mita a'zolari tomonidan ko‘tarilgan masalalar va uning yechimi borasida takliflar o‘rtaga tashlanib,tegishli qarorlar qabul qilindi.