Yangiliklar
calendar 27.10.2026 | 13:01
view 11
“SOG‘LOM KELAJAK” AKSIYaSI BOShLANDI 🏥✨ Namanganda turkiyalik shifokorlar ishtirokida 100 dan ortiq murakkab operatsiya o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Bolalarni qo‘llab-quvvatlash Jamoat fondi tashabbusi bilan viloyatimizda “Sog‘lom kelajak” xayriya aksiyasining navbatdagi amaliy bosqichi boshlandi. Turkiyaning yetakchi tibbiyot muassasalaridan jalb etilgan 20 nafarga yaqin malakali shifokor yana O‘zbekistonga tashrif buyurdi. Bu galgi asosiy maqsad — ehtiyojmand oilalar farzandlarini qo‘shimcha tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish hamda ish avvalida saralangan bemorlarda murakkab jarrohlik amaliyotlarini bajarishdir.

26–30 oktyabr' kunlari viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida turkiyalik va mahalliy mutaxassislar hamkorligida plastik jarrohlik hamda umumiy xirurgiya yo‘nalishlarida 100 dan ortiq operatsiya o‘tkazilishi mo‘ljallangan. Barcha tibbiy xizmatlar xayriya aksiyasi doirasida bepul tashkil etiladi. 💰🚫

Mazkur tashabbusning dastlabki bosqichida 400 nafardan ortiq bola chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan. Jumladan, 412 nafar bolaning 244 nafari umumiy xirurgiya, 168 nafari esa plastik xirurgiya yo‘nalishida tekshirilgan. Mutaxassislar xulosasi asosida jarrohlik amaliyotiga muhtoj bolalar saralab olinib, ularni operatsiyaga tayyorlash bo‘yicha zarur choralar belgilangan.

-         Yaqinda shunday jarrohlik amaliyotlarini Andijon viloyatida o‘tkazgandik. Oktyabr' oyi boshida Namanganda tibbiy ko‘rik tashkil etdik. Endi o‘shanda saralangan bolalarda  jarrohlik amaliyotlarini bajarish uchun o‘ndan ortiq mutaxassis bilan keldik. Bir hafta davomida jajjilarda yuqori texnologik operatsiyalarni amalga oshiramiz,- deydi Istanbul shahridagi Oltinboshi universitetining tibbiyot fakul'teti professori, bolalar jarrohi Suleyman Chelebi.

Amaliyotlar davomida tug‘ma nuqsonlar, lab va tanglay yoriqlari, kuyishdan keyingi chandiqlar, qo‘l-oyoqdagi ayrim deformasiyalar, churra va boshqa jarrohlik yo‘li bilan davolanadigan kasalliklarga alohida e'tibor qaratiladi. Har bir bemor bo‘yicha operatsiya zarurati va usuli tibbiy ko‘rsatmalar asosida mutaxassislar tomonidan belgilanadi.

-         O‘g‘lim Muhammad Mustafo 7 oylik. Uning ichaklaridagi tug‘ma nuqsonni jarrohlik yo‘li bilan bartaraf etish kerak edi. Turkiyalik mutaxassislar tekshirishini eshitib, bolamni ular huzuriga olib keldik. Zudlik bilan operatsiya qilishdi. Xorijlik shifokorlar va tibbiy tadbir tashkilotchilarga oilamiz nomidan minnatdorchilik bildiramiz, deydi kosonsoylik Muhsina Turg‘unboeva.  

Loyihaning yana bir muhim jihati — xorijlik va o‘zbekistonlik shifokorlar o‘rtasidagi amaliy tajriba almashinuvidir. Qo‘shma operatsiyalar mahalliy mutaxassislar uchun zamonaviy jarrohlik yondashuvlarini bevosita o‘rganish, kasbiy ko‘nikmalarni mustahkamlash va keyingi hamkorlikni kengaytirish imkonini beradi. 🤝

Bolalarni qo‘llab-quvvatlash Jamoat fondi tomonidan tashkil etilayotgan bunday tibbiy aksiyalar og‘ir kasallikka chalingan bolalarning malakali yordamdan o‘z hududida foydalanishiga, oilalarning davolanish bilan bog‘liq moliyaviy yukini kamaytirishga xizmat qilmoqda. Tibbiy ko‘rik va operatsiyalar bilan bog‘liq xarajatlar Jamoat fondi tomonidan qoplanadi.

“Sog‘lom kelajak” aksiyasi doirasidagi tibbiy hamkorlikni respublikaning boshqa hududlarida ham izchil davom ettirish ko‘zda tutilgan. Zero, har bir bolaning salomatligi va sog‘lom kelajagi — jamiyatning eng muhim qadriyatlaridan biridir. 💖

Ilhomjon MUSAEV.
Suratlarni Mashrabjon QOSIMOV olgan. 📸